
2026-yilgi Jahon chempionatida AI ikki joyda ishlayapti. Birini hamma ko'radi: u maydonda ofsaydni aniqlashga yordam beradi. Ikkinchisi esa stadion atrofida ishlaydi: u odamlarni kuzatadi.
Birinchisi futbolni adolatliroq qilishi mumkin. Ikkinchisi esa bizdan jiddiy savol so'raydi: texnologiya bizga xizmat qilyaptimi yoki bizni nazorat qilyaptimi?
Gap AI yaxshi yoki yomonligida emas. Gap u qanday joyda, qanday qoida bilan va kimning foydasiga ishlatilayotganida.
Ofsaydni ko'radigan AI
Tasavvur qiling: hujumchi himoya chizig'idan yugurib o'tdi. To'p uzatildi. Ofsayd bormi yoki yo'qmi?
Buni oddiy ko'z bilan ko'rish juda qiyin. Ba'zan farq yelka kengligichalik bo'ladi. Futbolchi to'liq tezlikda yuguryapti, himoyachi ham harakatda, to'p ham bir lahzada uzatiladi.
Shu joyda AI hakamga yordam beradi. Turnir oldidan futbolchilarning tanasi 3D-skanerdan o'tkaziladi. Tizim to'p uzatilgan paytdagi kadrni oladi, futbolchining tana modelini joylashtiradi va qaysi qismi oldinda bo'lganini tekshiradi. Keyin xulosani to'g'ridan-to'g'ri maydondagi hakamga yuboradi.
To'p ichidagi Trionda chipi harakatni soniyasiga 500 marta o'qiydi. VAR kameralari esa futbolchi tanasidagi 29 ta nuqtani soniyasiga 50 marta kuzatadi.
Oddiy qilib aytganda, AI ko'z ilg'amaydigan mayda farqni ushlab beradi. Lekin oxirgi qaror baribir hakamniki.
Mana shu yerda muhim farq bor. Bu AI odam o'rniga hukm chiqarayotgani yo'q. U hakamga aniqroq ko'rishga yordam beryapti.
Yaxshi AI qanday bo'ladi?
Men AI haqida gapirganda doim bitta qoidani takrorlayman: yaxshi AI tor vazifani bajaradi, natijasini tekshirish mumkin bo'ladi va oxirgi javobgarlik odamda qoladi.
Ofsayd tizimi shu uchta talabdan o'tadi.
Birinchidan, vazifa juda aniq. Futbolchining tanasi to'p uzatilgan paytda ofsaydda edimi yoki yo'qmi?
Ikkinchidan, mezon ham aniq. Ofsayd chizig'i bor. U kesib o'tilgan yoki o'tilmagan.
Uchinchidan, qaror uchun javobgar odam bor. Mashina xulosa beradi, hakam esa qaror qiladi.
Shu sababli bunday AI xavfli emas. Aksincha, u odamning ishini kuchaytiradi.
Hatto barcha 48 ta jamoaga bir xil generativ AI tahlilchisi berilishi ham qiziq. Boy jamoa ham, kambag'al jamoa ham bir xil taktik yordamdan foydalanadi. Bu yerda texnologiya mahoratni almashtirmaydi. U mahoratni o'tkirlashtiradi.
Agar Jahon chempionatidagi AI hikoyasi shu yerda tugaganida, men bundan xavotir olmasdim. Lekin hikoya bu bilan tugamaydi.
Stadion atrofidagi boshqa AI
Xuddi shu turnirda ikkinchi AI ham ishlayapti. U maydonda emas. U stadion atrofida.
Bu tizim yuzni taniydigan kameralar, AI boshqaradigan dronlar va robot itlardan iborat. AQSh hukumati Jahon chempionati xavfsizlik texnologiyalari uchun 365 million dollar ajratgan. Boston, Mayami va Atlanta stadionlariga kirishda, hatto ayrim to'lovlarda ham yuzni skanerlash ishlatilmoqda.
Tadqiqotchilar buni sport tarixidagi eng katta fuqarolik AI kuzatuv tizimlaridan biri deb atashyapti.
120 dan ortiq inson huquqlari tashkiloti, jumladan Amnesty International va ACLU, sayohatchilarni ogohlantirdi. Ular qurilmalarni tintuv qilish, ijtimoiy tarmoqlarni tekshirish, odamlarni avtomatik baholash va asossiz ushlab turishlardan xavotir bildiryapti.
Eng katta muammo bitta joyda ko'rinadi. Yig'ilgan biometrik ma'lumotlar qachon o'chirilishi haqida aniq qoida yo'q.
Biometrik ma'lumot degani nima? Bu yuzingiz, ko'zingiz, barmoq izingiz yoki tanangizga bog'liq shaxsiy belgilardir.
Sodda qilib aytganda, ular yuzingizni skaner qiladi. Lekin bu ma'lumot qayerda turadi, kim ko'radi, qachon o'chadi yoki umuman o'chadimi - aniq javob yo'q.
Ikkalasi bir xil emas
Endi ofsayd tizimiga bergan savollarimizni shu kuzatuv tizimiga berib ko'raylik.
Vazifa tor va aniqmi? Yo'q. "Hamma joyda hammani kuzatish" tor vazifa emas.
Natijani tekshirish uchun aniq mezon bormi? Yo'q. Ofsaydda chiziq bor. Kuzatuvda esa ko'p narsa mavhum.
Qaror uchun javobgar aniq odam bormi? Ko'pincha yo'q. Sizni tizim xavfli deb belgilasa, buning ortida kim turganini bilish qiyin.
Demak, birinchi AI uchta sinovdan o'tadi. Ikkinchi AI esa uchalasidan ham yiqiladi.
Shu sababli "AI futbolga keldi" degan gapning o'zi yetarli emas. Qaysi AI? Qayerda? Kimni kuchaytiryapti? Kimni nazorat qilyapti?
Mana asosiy savollar shu.
AI bor narsani kuchaytiradi
AI buzilgan tizimni o'z-o'zidan tuzatmaydi. U bor narsani tezlashtiradi.
Agar tizim aniq, cheklangan va javobgar bo'lsa, AI uni yaxshilashi mumkin. Agar tizim noaniq, cheksiz va javobgarsiz bo'lsa, AI shu muammoni ham kattalashtiradi.
Jahon chempionati milliardlab odamlar ko'radigan bayram. Futbol, muxlislar, stadionlar, hayajon.
Lekin bu bayram xavfsizlik texnologiyalari uchun ham katta sinov maydoni. Kuzatuv kompaniyalari va davlat idoralari o'z tizimlarini oddiy odamlar orasida sinab ko'radi. Futbol hayajoni ichida ko'pchilik bunga e'tibor bermaydi.
Muammo shundaki, bayram tugagani bilan hamma narsa yig'ishtirib olinmaydi.
Qatardagi 2022-yilgi Jahon chempionatida 15 mingdan ortiq kamera o'rnatilgan edi. Ularning ko'pi bugun ham ishlayapti.
Ofsayd chizig'i o'yin tugaganda yo'qoladi. Kameralar tarmog'i esa qoladi.
Ko'pchilik ko'rmayotgan kelishuv mana shu. Sizga tezroq ofsayd qarori beriladi. Lekin evaziga shaharga doimiy kuzatuv infratuzilmasi ham kirib keladi.
Vijdon boshqa, kamera boshqa
Yillar oldin Kent universitetida qiziq tajriba o'tkazilgan. Bolalarga ularni ko'rinmas malika Alisa kuzatib turgani aytilgan. Shundan keyin ular kamroq aldashgan.
Men buni oldin ham misol qilib keltirganman. Agar odam ichidan "meni hech kim ko'rmasa ham Xudo ko'rib turibdi" deb ishonsa, u o'zini tiyadi. Bu kuzatuv odamning ichida yashaydi. U vijdon orqali ishlaydi.
Lekin kamera boshqa narsa. Kamera sizni ichingizdan to'g'rilamaydi. U sizni tashqaridan qo'rqitadi.
Vijdon odamni halollikka chaqiradi. Kuzatuv tizimi esa odamni itoatkor qiladi.
Vijdon xatodan keyin tavba qilishga joy qoldiradi. Kamera esa yozuvni saqlab qo'yadi.
Shuning uchun "ikkalasi ham kuzatadi-ku" deb ularni aralashtirib yubormaslik kerak. Ichki kuzatuv odamni tarbiyalaydi. Tashqi nazorat esa odamni boshqaradi.
Oddiy odam nima qilishi kerak?
Men texnologiyadan voz kechish kerak demoqchi emasman. Bu ham noto'g'ri.
Yaxshi texnologiyani ishlatish kerak. Lekin har bir texnologiyani bir xil qabul qilmaslik kerak.
Sizga xizmat qiladiganini oling. Sizni nazorat qiladiganiga esa savol bering.
AI hayotingizga kirganda ikkita savolni unutmang.
Birinchi savol: bu AI bitta aniq vazifani bajaryaptimi?
Ikkinchi savol: uning qarori uchun javobgar odam bormi?
Agar javob "ha" bo'lsa, bu foydali qurol bo'lishi mumkin. Agar javob "yo'q" bo'lsa, ehtiyot bo'ling.
Chunki u sizga xizmat qilmayotgan bo'lishi mumkin. Balki siz unga xizmat qilayotgandirsiz.
Xulosa
2026-yilgi Jahon chempionati chiroyli futbol, tezkor qarorlar va aniqroq ofsayd tizimi bilan esda qolishi mumkin. Bu yaxshi yangilik.
Lekin u yana boshqa narsa bilan ham esda qolishi mumkin: kuzatuv tizimi uning eng katta merosiga aylanishi mumkin. Bu esa yaxshi yangilik emas.
Futbolni tomosha qiling. Texnologiyadan foydalaning. Lekin bayram tugagandan keyin shahar ko'chalarida nima qolishini ham kuzating.
AI sizga sovg'a bilan kirib kelishi mumkin. Masalan, tezroq qaror, qulay ilova yoki chiroyli funksiya.
Lekin sovg'aning yonida qoladigan infratuzilmani ham ko'rish kerak. Savol juda oddiy: bu AI sizga yordam beryaptimi yoki sizni kuzatyaptimi?
Xurshid Maroziqov