
Iyul oyining bir haftasi. Ikkita voqea.
17-iyul kuni Xitoyning Moonshot kompaniyasi Kimi K3 modelini taqdim etdi. 2.8 trillion parametr, tarixdagi eng katta ochiq vaznli (open-weight) model, kontekst oynasi esa 1 million tokenga teng. Ikki kun o'tib, 19-iyulda Alibaba Qwen 3.8 modelini e'lon qildi. Yaqin kunlarda uning vaznlari ham ochiq yuklab olishga qo'yiladi. Mustaqil baholashlar har ikkala modelni bozordagi eng qimmat model bo'lmish Anthropic kompaniyasining Fable 5 darajasiga juda yaqin deb hisoblamoqda. Vals AI reytingida Kimi K3 ikkinchi o'rinni egalladi: u faqat Fable 5 dan ortda, GPT-5.6 Sol modelidan esa oldinda. Bu modellardan birini bugun, ikkinchisini esa yaqin haftalarda mutlaqo tekinga yuklab olish mumkin.
Iyun oyi o'rtasida Z.ai kompaniyasining GLM-5.2 modeli xitoyliklar g'arbdan olti oy orqada yuradi degan stereotipni sindirib bo'lgan edi. Va mana bitta dahshatli detal: Kimi K3 chiqqan kuni uning xitoylik raqobatchilarining aksiyalari Gonkong birjasida keskin quladi. Zhipu 27.7 foizga, MiniMax esa 16.5 foizga arzonlashdi. Bir kunda! Bu poyga hech kimga dam bermayapti, hatto xitoyliklarning o'ziga ham.
Bu yangiliklarni o'qigan odamda birinchi paydo bo'ladigan fikr: «Xitoy yetib oldi, ochiq modellar yutdi, sensatsiya». Bu benchmarklar atrofidagi zerikarli suhbat xolos. Meni esa boshqa savol qiziqtiradi. Nega bozordagi eng kuchli modelga ega kompaniya ba'zi tahlilchilar nazarida eng xavfli pozitsiyada turibdi? Tadqiqotchi Wojciech Gryc yaqinda baza modellari iqtisodiyoti haqida tahlilini e'lon qildi. Uning javobi benchmarklar bilan emas, xarajatlar strukturasi bilan bog'liq. Hozir shu hisob-kitobni ko'rsatib beraman. Chunki bu qoida faqat AI laboratoriyalari uchun emas, har qanday biznes uchun ishlaydi.
AI biznesining ichki arifmetikasi
Modelni o'qitish (training) dahshatli darajada qimmat: tadqiqotchilar oyligi, chiplar, ma'lumotlar markazlari va elektr energiyasi. Lekin o'qitish - bu taxminan bir martalik xarajat. Haqiqiy biznes keyin boshlanadi: inference (foydalanuvchilar savollariga javob berish). Har bir savol GPU vaqti va elektrni yoqadi. Bu bosqichda hamma narsani hisoblash quvvati va elektr energiyasi hal qiladi.
Gryc bu soha o'yinchilarini qiymat zanjiriga egalik qilish darajasi bo'yicha uch guruhga ajratadi:
- Data-markazlarni ijaraga oladigan va elektrni sotib oladiganlar: Anthropic, Moonshot (Kimi), Z.ai (GLM).
- O'z ma'lumotlar markaziga ega bo'lgan va elektrni sotib oladiganlar: Meta, Alibaba.
- Ham data-markazga, ham elektr energiyasini ishlab chiqarishga o'zi egalik qiladiganlar: SpaceX.
Farq nimada? Biznesingizda buni tez tushunasiz. Mashinani ijaraga olib taksichilik qiladigan odam har kuni ijara haqini to'lashi shart. Daromadi oshgani bilan xarajatlari ham birga o'sib boraveradi, marjasi (margin) esa doim yupqa bo'lib qoladi. Mashinasi o'ziniki bo'lgan haydovchi esa boshida qiynaladi, lekin aktiv (asset) o'zini oqlagach, har bir qo'shimcha buyurtma deyarli sof foyda keltira boshlaydi. Hamma narsani ijaraga olish - xarajatlaringiz daromadingiz bilan parallel o'sadi degani xolos. Infratuzilmaga egalik qilish esa o'zgaruvchan xarajatni doimiy xarajatga (fixed cost) aylantiradi. Mijoz mahsulotingizdan qancha ko'p foydalansa, marjangiz shunchalik semirib boraveradi. Iqtisodiyotda ishlab chiqarish vositasi - kapitaldir. Kim kapitalga egalik qilsa, marjani ham o'sha yig'ib oladi.
Eng yaxshi bo'lish - strategiya emas, yugurish yo'lakchasi
Agar infratuzilmangiz bo'lmasa, sizni faqat bitta narsa tirik ushlab turadi: modelingizga bo'lgan talab. Modelingiz yo bozordagi eng zo'ri bo'lishi kerak, yoki arzon va «yetarli darajada yaxshi» bo'lishi shart. Va buni bir marta emas, har bir necha oyda qaytadan, tinimsiz isbotlab turishingiz kerak. Bu himoya to'sig'i (moat) emas - bu shunchaki yugurish yo'lakchasi.
Infratuzilmasiz model ishlab chiqaruvchilar uchun Gryc uchta yo'lni ko'radi: o'z-o'zini takomillashtiradigan model yaratish (recursive self-improvement), bozorni tartibga solish orqali yopish (regulation) yoki nusxalab bo'lmaydigan darajada unikal mahsulot qurish.
Endi Anthropic kompaniyasiga shu ko'zoynak orqali qarang. Ko'plab benchmarklarda ularning Fable 5 modeli eng kuchlisi bo'lib turibdi. Lekin Artificial Analysis ma'lumotlariga ko'ra, bajarilgan bitta vazifa qiymati bo'yicha u raqobatchilaridan deyarli uch barobar qimmatroq. Ularning eng kuchli mahsuloti Claude Code hisoblanadi, biroq model atrofidagi uskunalar qobig'ini (harness layer) nusxalash juda oson. OpenCode, OpenClaw, Hermes kabi o'nlab startaplar aynan shu qatlamga hujum qilyapti. Reuters agentligining yozishicha, Kimi K3 taqdimotidan bir oy oldin AQSH hukumati xavfsizlik vajlari bilan Anthropic'ning Fable va Mythos modellarini chiqarishni cheklab qo'ygan edi.
Bu paytda infratuzilma egalarining shaxmat yurishlarini kuzating. Meta Anthropic kompaniyasiga hisoblash quvvatlarini ijaraga berish bo'yicha muzokaralar olib bormoqda - bu shartnoma ikki yil uchun 10 milliard dollargacha bo'lishi mumkin. SpaceX esa may oyidayoq Memfisdagi o'zining ulkan Colossus 1 ma'lumotlar markazini Anthropic'ga ijaraga berib bo'ldi. Manzara juda qiziq: ijarachi har chorakda poygada yutishga majbur, uy egasi esa kim yutishidan qat'i nazar o'z «soqqasini» ijara haqi ko'rinishida yig'ib olaveradi.
Rostini aytganda, Gryc'ning Anthropic yaqin orada o'z mavqeini yo'qotadi degan xulosasi hozircha shunchaki tahlilchining prognozi xolos, fakt emas. Bugun ularning yetakchiligi real. Lekin narxlar bosimi ham ertak emas: Zhipu rahbariyati AI sohasidagi narxlar urushi tez orada xalqaro darajaga chiqishini aytmoqda. Francois Chollet esa narxni hisobga olmasdan ko'rsatilgan benchmark reytinglari o'z qiymatini yo'qotganini ta'kidlaydi.
Bu biz uchun nimani anglatadi?
O'zbekistonda bugun ham, ertaga ham bunday ilg'or laboratoriya (frontier lab) ochilmaydi. Biz bu texnologiyaning iste'molchisimiz. Iste'molchi uchun esa birovning narxlar urushi - bu tekin subsidiya degani. Dunyoning eng aqlli modellari har oy arzonlashib boryapti, chunki o'nlab gigantlar bizni o'ziga jalb qilish uchun investorlar pullarini olovda yoqyapti.
Biroq «ochiq» degan so'z sizni chalg'itmasin: ochiq vaznli model mutlaqo bepul degani emas. 2.8 trillion parametrli modelni shaxsiy serveringizda ishga tushirish uchun yuz minglab dollarlik uskunalar kerak bo'ladi (buni Amerika tadbirkorlik instituti xodimi Ryan Fedasiuk batafsil hisoblab chiqqan). Lekin sizga uni o'zingizda ishlatish shart emas. Provayderlar o'rtasidagi raqobat barcha uchun API narxlarini pasaytirmoqda.
Bizning startaplar uchun amaliy xulosa oddiy: «qaysi model eng zo'ri» degan savol borgan sari ahamiyatini yo'qotmoqda. Chunki modellar xuddi elektr energiyasi yoki un kabi xomashyoga (commodity) aylanib boryapti. Hech kim undan o'ziga himoya to'sig'i qura olmaydi. Sizda qoladigan yagona narsa - o'zingizning ma'lumotlaringiz, biznes jarayonlaringiz va mijozlaringizdir. Mening eski formulam o'zgargani yo'q: birinchi navbatda ma'lumotlar (data), keyin ish oqimi (workflow), keyin AI, keyin esa inson nazorati va foyda.
Yakunda esa o'zingizga bitta savol bering. AI gigantlari haqida emas, o'z biznesingiz haqida. Xarajatlar jadvalingizni oching. Qaysi xarajatlaringiz daromadingiz bilan parallel ravishda o'syapti? Ulardan qaysi birini o'z aktivingizga, ya'ni doimiy xarajatga aylantira olasiz? Dunyo gigantlari hozir aynan shu savol uchun milliardlab dollar urush olib bormoqda. Siz uchun esa bu urushning sabog'i mutlaqo tekin.
Xurshid Maroziqov