
Gigantlarning raqamlariga qarang
Raqamlarga qarang, ularning ortida juda katta sabab bor. Korporativ dasturiy ta'minot gigantlaridan biri bo'lgan Workday aksiyalari 2026-yilda 43 foizga quladi. Vaholanki, umumiy bozor shu davrda 9 foizga yaqin o'sgan. SAP esa yanvar oyidagi hisobotidan so'ng atigi bir kunda 15 foizga arzonlashdi. Bu kompaniya uchun 2020-yildan beri eng keskin pasayish bo'lib, bir kunda 40 milliard yevro havoga uchdi degani. Oracle esa 30 000 xodimini ishdan bo'shatishini e'lon qildi.
Buni shunchaki navbatdagi «AI vahimasi» (sun'iy intellekt qo'rquvi) deb o'ylamang. Bozor ahmoq emas. U real o'zgarishlarni narxlayapti. Haqiqat shuki, an'anaviy ERP (Enterprise Resource Planning) tizimi - ya'ni o'sha mashhur SAP, Oracle va Workday modeli o'ldi. Isbot kerakmi? Forbes nashri ochiqchasiga "ERP davrining oxirimi?" deb so'ramoqda. McKinsey esa o'z hisobotini "Biz bilgan ERP'ning tugashi" deb nomladi. Agar buni ular ham tan olayotgan bo'lsa, janoza boshlangan. Bor gap.
Siz aslida nima uchun pul to'layotgan edingiz
Masalaga sovuqqonlik bilan qaraylik. Jiddiy ERP tizimini - masalan, SAP S/4HANA yoki Oracle ERP Cloud - joriy etish kompaniyaga odatda juda qimmatga tushadi. Gap 1 milliondan 3 million dollargacha bo'lgan xarajat haqida ketyapti. Xullas, 6-7 xonali hisob-fakturalar. Lekin eng qiziq va kulgili joyi boshqa yerda: bu pulning 45 foizidan 70 foizigacha bo'lgan qismi dasturiy ta'minot uchun emas, balki integratsiya (integration) va konsultantlarning xizmati uchun ketadi.
Ortiqcha pardozlarni olib tashlasak, nima qoladi? Sanoat ekspertlaridan biri buni juda sodda tushuntirgan: bugungi ERP tizimlari oxir-oqibat oddiygina "tranzaksion ma'lumotlar bazasi" (transactional database) darajasigacha kichrayadi. Tamom. Ma'lumot saqlaydigan vaqtinchalik joy, bir nechta jadvallar va formalar. Siz millionlab dollar to'lagan o'sha "tizim" aslida mana shu.
Savol o'z-o'zidan o'rtaga chiqadi: unda o'sha millionlar nima uchun to'langan? Dastur uchun emas. Dastur shunchaki bazadan iborat xolos.
Ular sotgan haqiqiy mahsulot: qo'rqinch
Javob juda oddiy. ERP aslida dastur sotmagan. U xavfsizlik niqobi ostidagi qo'rquvni sotgan. "Ma'lumotlaringiz biz bilan xavfsiz", "Enterprise-grade" (korporativ daraja), "Compliance" (qoidalarga muvofiqlik). G'arbda hatto shunday maqol bor: "SAP sotib olgani uchun hech kim ishdan haydalmagan." Uni sotib oling va tizim ishlamay qolsa ham ayb sizda bo'lmaydi - chunki siz eng "ishonchli" yo'lni tanlagansiz.
Bor-yo'g'i himoya devori (moat) mana shu edi. Jadvallar yoki tugmalar emas. Olti yoki etti xonali narxda sotiladigan "xavfsizlik sertifikati". Siz dastur sotib olmayotgan edingiz - siz «men eng xavfsiz ishni qildim» deb o'zingizni tinchlantirish huquqini sotib olayotgan edingiz va buning uchun millionlab dollar to'ladingiz.
Agent qo'rquvni fosh qildi
Bugun esa sizning shaxsiy ma'lumotlar bazangiz ustida ishlaydigan aqlli AI agent (sun'iy intellekt agenti) ilgarilari yarim million dollarga joriy etiladigan murakkab ishlarni osongina bajarib beryapti. Tagidagi dastur shunchaki oddiy ma'lumotlar bazasi ekani oydinlashganda, qirolning yalang'ochligi fosh bo'ldi. Qo'rquv endi sotilmaydi, chunki u himoya qilayotgan narsaning narxi juda arzon bo'lib chiqdi.
Eng g'alati isbotni SAP kompaniyasining o'zi ko'rsatdi. O'zining Sapphire 2026 konferensiyasida SAP o'zini rasman "AI kompaniyasi" deb e'lon qildi. Ular 200 dan ortiq AI agentlariga ega "Avtonom korxona" (Autonomous Enterprise) loyihasini taqdim etdi va Anthropic bilan hamkorlikni boshladi. Hech qaysi kompaniya o'zining asosiy biznes modeliga o'zi o't qo'ymaydi, agar u model tamom bo'lganini oldindan bilmasa. Bozor yetakchisi gugurt chaqqan ekan, bu aslida mag'lubiyatni tan olishdir.
Bitta samimiy iqror
Keling, xolis bo'laylik, aks holda bu gaplar ham shunchaki shovqinga aylanadi. Kimdir baribir asosiy ma'lumotlar tizimini saqlab turishi kerak. Ma'lumotlarni boshqarish (data governance) va xavfsizlik kabi tushunchalar real narsa, ular ertaga yo'q bo'lib qolmaydi. Dasturiy ta'minot batamom g'oyib bo'layotgani yo'q.
Lekin o'sha olti xonali "xavfsizlik solig'i" o'ldi. Bundan keyin ma'lumotlaringizni arzon saqlab, ishni tez va sifatli bitirib beradiganlar yutadi - qo'rquv uchun eng ko'p haq oladiganlar emas.
Siz qaysi tomonda edingiz
Tez-tez takrorlaydigan bitta qoidam bor: sun'iy intellekt buzilgan biznesni tuzatmaydi, u faqat buzilishni tezlashtiradi. ERP buning eng yaqqol namunasidir. Uning qiymat taklifi (value proposition) boshidanoq xato edi - xavfsizlik niqobi ostidagi qimmatbaho qo'rquv. AI agentlari bu muammoni o'ylab topgani yo'q. U shunchaki hammaga yakuniy hisob-kitobni (invoice) jo'natdi xolos.
Shunday ekan, savol "ERP o'ldimi?" degan narsada emas. Savol boshqa yerda: siz qaysi tomonda edingiz - qo'rquvni sotayotganlar tomondami yoki muammoni yechayotganlar tomondami? Javobni o'zingiz yaxshi bilasiz.
Xurshid Maroziqov