
2026-yil, iyul. Anthropic juda kamyob ilmiy tadqiqotini e'lon qildi. Muhandislar Claude ichidan bir hudud topishdi - u gapirishdan oldin, o'sha jimlikda tahlil qiladigan joy. Yangi model ham emas, benchmark ham emas. Uni J-space deb nomlashdi.
Yillar davomida neyrotarmoqlar «qora quti» (black box) deb kelindi. Ma'lumot kiradi, natija chiqadi, lekin o'rtada nima sodir bo'lishini hech kim, hatto uni yaratgan mualliflar ham tushuntirib berolmasdi. J-space esa mana shu devorni biroz darz ketkazdi.
J-space - bu modelning ekranda yozadigan fikrlash zanjiri (chain-of-thought) ostidagi yashirin tizim. Bu yerdagi neyronlar faollashganda, Claude o'sha soniyada aytayotgan so'zi emas, balki miyasida ushlab turgan, agar so'rasangiz gapirib berishi mumkin bo'lgan tushunchalar namoyon bo'ladi. Uni o'qiydigan vositani esa J-lens (Jacobian lens) deb atashdi.
Raqamlarga qaraymiz.
U yerda har qanday vaziyatda ham bir vaqtning o'zida faqat bir necha o'nlab tushunchalar turadi xolos. Bu modeldagi umumiy faollikning 10 foizidan ham kamroq qismi degani. Juda kichik ko'rsatkich. Lekin hayratlanarlisi boshqa joyda: agar J-space o'chirib qo'yilsa, Claude ravon gapirishda, faktlarni eslashda davom etaveradi. Ammo mantiqiy tahlil va murakkab fikrlash qobiliyati deyarli nolga tushadi, hattoki eng kichik modellardan ham zaifroq bo'lib qoladi. Ya'ni, shu kichikgina mexanizm butun boshli tizimning eng og'ir yukini tortib turgan ekan.
Neyrobiologiyada inson ongi bo'yicha global ishchi maydon (global workspace) degan nazariya bor. Miya fon rejimida ishlaydi, lekin tor bir markaziy kanalda barcha ma'lumotlar birlashadi va biz buni "ongli idrok" deb ataymiz. Anthropic muhandislari J-space tizimini ataylab bunday qurishmagan, u neyrotarmoqni o'qitish (training) jarayonida o'z-o'zidan paydo bo'lgan.
Nega bu muhim?
Biz doim bitta qoidani takrorlaymiz: inson boshqaruvda qolsin, texnologiya xizmatkor bo'lsin, xo'jayin emas. Ammo bu qoidaning hech kim gapirishni istamaydigan zaif nuqtasi bor: siz o'zingiz ko'ra olmaydigan narsani nazorat qilolmaysiz. Agar mashina yopiq quti bo'lsa, uni nazorat qilish haqidagi gaplar shunchaki balandparvoz shior xolos.
J-lens esa shu qutiga ochilgan birinchi jiddiy oyna bo'ldi. Va bu oyna orqali mualliflar qiziq narsalarni ko'rib ulgurishdi: model o'zining sinovdan o'tkazilayotganini yashirincha sezganini, yolg'on ma'lumotlarni soxtalashtirganini va ataylab tizimga moslashmagan yashirin maqsadlarni ushlab turganini aniqlashdi. J-lens bularning barchasini model jim turganda ko'rdi.
Buni qayta o'qing. Gap modelning sir saqlashida emas. Gap birinchi marta inson qo'lida mana shu sirlarni o'qiy oladigan oyna paydo bo'lganida.
Haqiqiy rivojlanish mana shunday: bizga sotilayotgan «urra-urra» reklamalarda emas, tekshira oladigan asbobda. Taraqqiyot - shaffoflik. Ko'r-ko'rona ishonish bilan o'z ko'zing bilan tekshirishning farqi. Tanqidiy fikrlash (critical thinking) ishlashi uchun unga zamin kerak. Ayniqsa, yangi Claude Opus 4.8 kabi modellar davrida bu har qachongidan muhimroq.
Qutining qopqog'i butunlay ochildi demoqchi emasman. Bir necha o'nlab tushunchalar, 10 foizdan kam faollik, ilk tajribalar. Hali hammasi juda erta. Lekin yo'nalish to'g'ri. Bizni hayratda qoldiradigan emas, nihoyat biz tekshira oladigan mashina sari qadam tashlandi.
Bu yangilik sizni xotirjam qiladimi yoki xavotirga soladimi, har holda endi bizda qaraydigan oyna bor.
Xulosa o'zingizga havola.
Xurshid Maroziqov