maqola · 11-iyul, 2026

Miya - muskul. Ishlatmasangiz, atrofiyaga uchraydi

MIT va Microsoft tadqiqotlari birinchi marta o'lchab berdi - AIga fikrlashni qancha topshirsangiz, miya shuncha kam ishlaydi. Asosiy xavf AI emas, balki o'ylashni tark etib aql muskulini so'ntirish.


Miya - muskul. Ishlatmasangiz, atrofiyaga uchraydi

Hech kim eshitgisi kelmaydigan tadqiqot

MIT Media Lab laboratoriyasi qiziq bir tajriba o'tkazibdi. Odamlarni insho yozishga o'tqazib, miya faoliyatini EEG (elektroneyrografiya) orqali kuzatishgan. Uchta guruh: birinchisi ChatGPT ishlatgan, ikkinchisi qidiruv tizimidan foydalangan, uchinchisi esa faqat o'z kallasini ishlatgan. Natija esa juda yoqimsiz. Yordam qanchalik ko'p bo'lsa, miya shunchalik kam ishlagan. Faqat o'z miyasiga tayangan guruhda neyron aloqalari eng keng darajada faollashgan; ChatGPT ishlatgan guruhda esa miya qismlarining o'zaro bog'liqligi eng past darajani ko'rsatgan.

Eng yomoni, sun'iy intellektdan (AI) foydalanganlar hozirgina o'zlari "yozgan" inshodan birorta gapni ham eslab qola olishmagan. Tadqiqotchilar bunga nom berishdi: kognitiv qarz (cognitive debt).

Inson tanasida sizning fikringiz bilan hisoblashmaydigan bitta temir qoida bor: ishlatilmaydigan muskul atrofiyaga uchraydi. Miya ham xuddi muskulga o'xshaydi. Va hozir, tarixdagi eng birinchi marta, biz uning kichrayib borayotganini aniq o'lchay oladigan davrga keldik.

Biz asrlar davomida fikrlashni topshirib keldik. Bu safargisi boshqacha.

Kimdir e'tiroz bildirar: insoniyat doim fikrlash yukini qaysidir vositalarga yuklab kelgan-ku. Masalan, xaridlar ro'yxati, GPS navigator yoki kalkulyator. To'g'ri. Lekin bu yerda nozik bir chegara bor. Bir o'tkir kuzatuvchi buni juda aniq tasvirlagan edi: shu paytgacha biz faqat ijroni (execution) tashqariga yuklagan edik. AI esa bizni qaror qabul qilishning (judgement) o'zini topshirib qo'yishga majburlamoqda.

Butun xavf mana shu bitta gapda yashiringan. Yuk tashishni mashinaga topshirish normal holat. Lekin yukning qayerga borishini mashina hal qilsa - tamom. Siz endi fikrlovchi odam emas, shunchaki tugmani bosuvchi robotga aylanasiz.

Microsoft va Carnegie Mellon universiteti tomonidan 319 nafar aqliy mehnat xodimi (knowledge workers) o'rtasida o'tkazilgan tadqiqot shuni ko'rsatdiki, ular sun'iy intellektdan foydalanganida 62 foiz holatda kamroq tanqidiy fikrlashgan. Ayniqsa, kundalik, odatiy vazifalarda. Ularning o'z so'zlari odamni sergak torttiradi: odatiy ishlarni avtomatlashtirish foydalanuvchini o'z fikrini sinash va kognitiv muskulaturasini chiniqtirish imkoniyatidan mahrum qiladi. Natijada ular miyani atrofiyaga uchratib, haqiqiy kutilmagan muammoga duch kelganda ojiz qoldiradi.

Sport zaliga borib, mashinada o'tirib qaytish

Tasavvur qiling. Sport zaliga bordingiz. Mashinani parkovkaga qo'ydingiz. Ichkariga kirmay, mashina ichida bir soat o'tirdingiz. Keyin esa uyga qaytib, "Bugun daxshat mashq qildim" deb maqtanib yuribsiz. Absurd, to'g'rimi? Lekin har bir savolni AIga topshirib, chiqqan natijani o'z fikrim deb taqdim etayotgan odam aynan shu ishni qilyapti. Siz aqlingizni charxlash uchun intellektual sport zaliga bordingiz, lekin mashinadan tushmadingiz.

Hatto AQShning sobiq regulyatori Gari Gensler MIT talabalari oldida buni ochiq-oydin aytdi: «kognitiv yuklash - kognitiv inqirozga (cognitive decline) olib keladi.» Carnegie Mellon, Oxford, MIT va UCLA hamkorligida o'tkazilgan boshqa bir tadqiqot esa sun'iy intellektga qisqa muddatli qaramlik ham mustaqil muammolarni yechish qobiliyatini zaiflashtirishini isbotladi. Bu xuddi o'sha «sekin qizdirilayotgan qozondagi qurbaqa» effekti - fikrlashdan qachon to'xtab qolganingizni o'zingiz ham sezmay qolasiz.

Muskulni umuman qura olmaydiganlar

Bu zarba eng og'ir tegadigan bir qatlam bor: yoshlar. Katta yoshli odam AIga suyanganda o'zida bor bo'lgan ko'nikmani yo'qotsa, o'smir bola o'z inshosini o'zi yozmasdan, o'z argumenti uchun o'zi kurashmasdan, bu ko'nikmani umuman shakllantira olmaydi. Inson miyasining prefrontal qobig'i (prefrontal cortex) 25 yoshgacha shakllanishda davom etadi. Agar shu yillarda miyani qiynab ishlatmasangiz, yetishmovchilik butun umrga qolib ketishi mumkin. Bu shunchaki "hozirgi yoshlar dangasa" degan quruq gap emas. Bu aniq ilmiy asoslangan rivojlanish xavfidir.

Gap instrumentda emas, uni qanday ushlashingizda

Keling, borini ochiq gaplashaylik. Men sun'iy intellektga qarshi emasman - o'zim ham undan har kuni foydalanaman. O'sha tadqiqotlar ham bir narsani tasdiqlaydi: ziyon asbobning o'zidan emas, undan qanday tizimli foydalanayotganingizdan kelib chiqadi. Undan fikrlashdan qochish uchun foydalansangiz - miyangiz chiriyotgan bo'ladi. O'z fikringizni yanada o'tkirlash uchun foydalansangiz - rivojlanasiz.

Mening shaxsiy qoidam o'zgarmagan: sun'iy intellektni xizmatkor darajasida ushlash kerak, xo'jayin emas. Yakuniy tahlil, strategiya va qaror doim o'zingizning miyangizdan chiqishi shart. Avval eng qiyin mantiqiy zanjirni o'zingiz quring, keyin mayda-chuyda, qora ishlarni mashinaga topshiring. Agar hayotingizda qiyinchilik bo'lmasa, uni atayin o'zingiz yarating. Chunki faqat qiyinchilikgina o'sha muskulni o'stira oladi.

Tanqidiy fikrlash (critical thinking) - bugungi asrning eng muhim ko'nikmasidir. Modelga ko'r-ko'rona ishondingiz oldingiz - tamom, siz shunchaki birovning loyihasidagi qo'g'irchoqsiz. O'zingizni juda samarali ishlayotgandek his qilasiz, aslida esa birovning kun tartibiga xizmat qilyapsiz.

Xo'sh?

Men tinmay takrorlaydigan bitta qoida bor: sun'iy intellekt buzilgan miyani tuzatmaydi, u faqat chirishni tezlashtiradi. AI dangasalikni o'ylab topgani yo'q. U shunchaki dangasalikni «samaradorlik (productivity)» qobig'iga o'rab berdi, xolos.

Shunday ekan, ushbu asrning haqiqiy savoli "sun'iy intellekt ishimni tortib oladimi" degan vahima emas. Savol ancha tinch va yaqinroq: siz AIdan ko'proq fikrlash uchun foydalanyapsizmi yoki umuman fikrlamaslik uchunmi?

Ishlatilmaydigan muskul so'nadi. Sizniki aynan hozir shu qarorni qabul qilyapti.

Xulosa o'zingizga havola.

Xurshid Maroziqov

Manbalar