
Oyiga yigirma dollar. Claude Pro obunasining narxi shuncha. Ammo faol foydalanuvchi (heavy user) bu tarifda kompaniyaning taxminan 400 dollarlik hisoblash quvvatini ishlatib yuborishi mumkin. ChatGPT Pro tarifida esa bu farq yanada kattaroq - siz oyiga 200 dollar to'laysiz, lekin 14 000 dollargacha bo'lgan texnik resursni iste'mol qilishingiz mumkin. Bu raqamlar chip va ma'lumotlar markazlari (data centers) iqtisodiyotini o'rganuvchi SemiAnalysis tahlil guruhi tomonidan keltirilgan. Ular haftalik limit tugaguncha eng murakkab kod yozish vazifalarini bajarib ko'rishgan va sarflangan tokenlarni rasmiy API tarifi - biznes to'laydigan real narx - bilan hisoblab chiqishgan.

To'g'rilik uchun aytish kerak: SemiAnalysis bu ko'rsatkichlar o'rtacha foydalanuvchiga emas, balki tizimni oxirigacha qiynaydigan professional mijozlarga tegishli ekanini ta'kidlaydi. Lekin baribir vaziyat g'alati. Kompaniya sizga xizmat sotadi, siz esa to'lagan pulingizdan 20, hatto 70 barobar ko'p xarajat keltirasiz. Bu qanday biznes?
Buni kim ochiq gapiryapti? Ed Zitron (Ed Zitron). U "Where's Your Ed At" tahliliy nashrini yuritadi va "Better Offline" podkastini olib boradi. Politico nashri uni sun'iy intellekt bumining eng "achchiq tanqidchisi" (acerbic gadfly) deb atagan. Yaqinda MacRumors nashri u bilan katta intervyu e'lon qildi. Men uni ikki marta o'qib chiqdim. Uning xulosalariga qanday munosabatda bo'lishingizdan qat'i nazar, keltirgan ba'zi raqamlariga jiddiy e'tibor berish kerak.
Eng katta raqamdan boshlaylik. Zitronning ma'lumotlariga ko'ra, OpenAI kompaniyasi 2025-yilda 13,07 milliard dollar tushum (revenue) ko'rgan holda, 20,9 milliard dollar zarar ko'rgan. E'tibor bering: bu o'sish uchun investitsiya emas, haqiqiy zarar. Vaholanki, The Information nashri tahliliga ko'ra, bozordagi jami AI tushumlarining 89 foizi atigi ikki kompaniya - Anthropic va OpenAI hissasiga to'g'ri keladi. Monopolistlar ham shunday zarar ko'rsa, qolganlar nima qilyapti?
Nega unda obuna narxlari bunchalik arzon? Zitronning izohi oddiy: kompaniyalar real narxni hech kim to'lamasligini biladi. Shuning uchun haqiqiy xarajatlar hozircha yashirib kelinmoqda. Mart oyida Anthropic va OpenAI yirik korporativ mijozlarni token hisobiga - xuddi elektr energiyasi kabi hisoblagichli tarifga o'tkazdi. Natija uzoq kuttirmadi. Ko'p o'tmay, Uber kompaniyasi o'zining bir yillik AI byudjetini atigi bitta chorakda yo'q qilgani ma'lum bo'ldi. Kompaniya operatsion direktori Endryu Makdonald (Andrew Macdonald) Business Insider nashriga bergan intervyusida bu xarajatlarni oqlash qiyinligini aytdi, chunki sarflangan tokenlar real mahsulotga qanday qiymat qo'shganini hech kim isbotlab berolmagan. Sam Altman ham buni "katta muammo" deb atadi, lekin yechim taklif qilmadi.
Endi masalaning sizga taalluqli qismiga o'tamiz - hatto hayotingizda umuman ChatGPT'ni ochib ko'rmagan bo'lsangiz ham. Sun'iy intellekt sababli ma'lumotlar markazlari dunyodagi yarimo'tkazgich xotira bozorini yutib yubordi. Samsung, SK Hynix va Micron kabi gigantlar o'z ishlab chiqarish quvvatlarining 93 foizini AI uchun mo'ljallangan yuqori o'tkazuvchanlikka ega xotiraga (HBM) yo'naltirdi. Oqibatda oddiy kompyuter xotirasi (DRAM) narxi bir necha oy ichida deyarli ikki barobar oshdi. HP kompaniyasining ma'lum qilishicha, hozirda xotira mikrosxemalari noutbuk tannarxining 35 foizini tashkil qilyapti (avval bu ko'rsatkich 15-18 foiz edi). Apple allaqachon iPad va Mac narxlarini ko'tardi, Tim Kuk buni "muqarrar" deb atadi. Tez orada iPhone narxlari ham oshishi kutilmoqda.
Aytaylik, kuzda farzandingizning o'qishi uchun noutbuk sotib olgani "Malika" bozoriga bordingiz. Siz to'layotgan o'sha ortiqcha pul uzoq zanjirlar orqali Texasdagi qaysidir ma'lumotlar markaziga borib tushadi. U markaz o'ziga tikilgan pulni qachondir qaytarib oladimi yoki yo'q - hech kim bilmaydi. Zitronning hisob-kitobiga ko'ra, yirik bulutli provayderlar (hyperscalers) 2022-yildan beri kapital xarajatlar (capex) uchun 1 trillion dollardan ko'p pul sarflagan. Agar shuning yarmi AI infratuzilmasiga ketgan bo'lsa, bu investitsiyalarni oqlash uchun ular 1,5 trillion dollar sof foyda - tushum emas, aynan foyda - ko'rishlari kerak.
Xo'sh, bu ulkan riskni kim ko'taryapti? Zitron bergan javob meni hayron qoldirdi: pensiya jamg'armalari (pension funds). Ma'lumotlar markazlari xususiy kredit fondlari (private credit) orqali moliyalashtiriladi, bu fondlar esa oddiy o'qituvchilar va davlat xizmatchilarining pullarini boshqaradi (masalan, San-Fransisko o'qituvchilari jamg'armasi yoki CalPERS). Oracle esa yanada katta tavakkalga qo'l urdi: ular 340 milliard dollardan ortiq mablag'ni (katta qismi qarz hisobiga) OpenAI ijaraga oladigan ma'lumotlar markazlariga tikib yubordi. Bu tikilgan pul faqat bitta shart bilan o'zini oqlaydi - agar OpenAI 2030-yilga kelib dunyodagi eng serdaromad kompaniyaga aylansa.
Apple-chi? Hamma tahlilchilar "orqada qolib ketdi" deb bong urayotgan Apple joriy yilda AI uchun 14 milliard dollar sarflamoqda, boshqa gigantlar esa 650 milliard dollar yo'naltirgan. Apple o'ziga yangi infratuzilma qurish o'rniga, Google kompaniyasiga yiliga 1 milliard dollar to'lab, Siri ortiga Gemini modelini joylashtirib qo'ya qoldi. Zitron juda o'rinli savol beradi: "Aynan nimadan orqada qoldi?" Bunga hech kim aniq javob berolmaydi. Uning bashoraticha, pufak yorilganda Apple chekkada turib, hamma narsaning qanday yonishini shunchaki tomosha qiladi.
Xolislik uchun aytish kerak, Zitronni tanqid qiluvchilar ham bor. Masalan, Kelsi Payper (Kelsey Piper) "The Argument" nashrida yozishicha, Zitron ikki yildan beri "cho'qqiga keldik" deb bong uradi va o'z argumentlarini tinimsiz o'zgartirib turadi. Balki uning vaqt borasidagi bashorati noto'g'ridir, chunki cho'qqiga kelganda hech kim qo'ng'iroq chalib ogohlantirmaydi. Biroq tanqidchilar bitta narsani inkor eta olmaydi: ulkan zararlar, dotatsiyalar va xotira narxlarining oshishi - bularning barchasi haqiqiy, tasdiqlangan raqamlardir.
Xurshid Maroziqov